O‘zbekiston milliy metrologiya instituti huzuridagi STQ 25 “Metrologiya” standartlashtirish texnik qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, 2026 yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Qo‘mita tarkibi 17 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ular Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti, Standartlar instituti hamda sohaviy laboratoriyalar vakillaridan tashkil topgan. Bu esa qarorlar qabul qilish jarayonida sohaning barcha yo‘nalishlari qamrab olinishini ta’minlaydi.
Yig‘ilishda xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlariga munosib hissa qo‘shish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, 2025 yil davomida OIML hujjatlari asosida ishlab chiqilgan 20 ta milliy standart ko‘rib chiqildi. Shuningdek, o‘lchashlar yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan 11 ta milliy standart muhokamadan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari va Texnopark mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan 4 ta milliy standart hamda 1 ta dastlabki standart loyihasi qo‘mita tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
2026 yil uchun belgilangan asosiy vazifalar esa yanada keng qamrovlidir. Xususan, 16 ta yangi milliy standart ishlab chiqish, 12 ta amaldagi standartni yangilash, o‘lchashlar yagona birlikda bo‘yicha 8 ta yangi standart tayyorlash va manfaatdor tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan 3 ta standart loyihasini ko‘rib chiqish rejalashtirildi.
Shuningdek, qo‘mita a’zolarini ISO texnik qo‘mitalari faoliyatiga yanada faol jalb etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali milliy standartlashtirish tizimini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar o‘rtasida ochiq va interaktiv muloqot tashkil etildi. Unda amaliy takliflar bildirilib, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan fikrlar almashildi.