Aniq vaqt

Ishonch telefoni : +998 (78)150 26 03

O‘zbekistonda Sath etaloni laboratoriyasi ochildi

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti metrologiya sohasida yana bir muhim qadam tashladi.

Toshkent shahridagi Institutning Etalon park binosida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi — Rosstandart hamda ElMetro-Injiniring kompaniyasi vakillari ishtirokida ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga bag‘ishlangan tadbir va sath o‘lchash vositalarini tekshirish uchun mo‘ljallangan Sath etaloni laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

🧪 Yangi laboratoriya imkoniyatlari

Sath o‘lchash vositalarini tekshirish laboratoriyasi orqali quyidagi turdagi o‘lchash vositalari qiyoslanadi va kalibrlanadi:

koaksial;

ultratovushli;

po‘kakli;

mikroto‘lqinli;

radarlı;

magnitostriktsion.

Sath o‘lchash vositalarining qiyoslash qurilmasi 0 dan 25 metrgacha bo‘lgan o‘lchash ko‘lamiga ega bo‘lib, aniqligi ±0,3 mm ni tashkil etadi.

Mazkur qiyoslash qurilmasi texnik va metrologik jihatdan yuqori aniqlikdagi sath o‘lchash vositalarining metrologik ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Laboratoriya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan.

🎯 Laboratoriyaning asosiy vazifalari

O‘zbekistonda yagona o‘lchashlar birligini ta’minlash;

Milliy etalon bazasini kengaytirish;

Sanoat tarmoqlarida ishlatilayotgan o‘lchash vositalarining metrologik ishonchliligini kafolatlash.

📊 Kutilayotgan natijalar

Mazkur Sath etaloni laboratoriyasining tashkil etilishi nafaqat sanoat va ishlab chiqarish sohalarini metrologik ta’minlashda muhim qadam bo‘lib, balki kelajakda soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Laboratoriya ishga tushirilishi natijasida respublikada 4 mingdan ortiq sath o‘lchash vositalari metrologik ta’minlanadi.

Shuningdek, xalqaro solishtirishlarda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi va O‘zbekistonning o‘lchash imkoniyatlari xalqaro maydonda tan olinishiга xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Toshkent davlat texnika universitetida amaliy o‘quv laboratoriyasi tashkil etilishi kadrlar tayyorlash va ilm-fan salohiyatini mustahkamlaydi.

🤝 Xalqaro hamkorlikka yo‘l

Ushbu tadbir O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi hamda metrologiya sohasida sifat infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.