Aniq vaqt

Ishonch telefoni : +998 (78)150 26 03

Butunjahon metrologiya kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda

 

Ayni damda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tashabbusi bilan Butunjahon metrologiya kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Agentlik rahbariyati, milliy va xalqaro metrologiya tashkilotlari vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

2025 yilda ushbu kun “O‘lchashlar – barcha zamonlar, barcha xalqlar uchun!” shiori ostida nishonlanmoqda. Bu yilgi sana alohida ahamiyatga ega – chunki aynan Metrek konvensiyasi imzolanganiga 150 yil to‘lmoqda. Bu tarixiy hujjat 1875 yilda 17 mamlakat vakillari tomonidan imzolanib, dunyo miqyosida yagona o‘lchash tizimining asosini yaratgan. Shu kunlarda biz, barcha avlodlar metrologlarining fidokorona mehnati va hissasini minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Seminar doirasida O‘zbekistonda o‘lchash birligini ta’minlash, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, kvant metrologiyasi sohasidagi ilk qadamlar va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglanmoqda.

Tadbirni O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ochib berdi. Shuningdek, Agentlik, Institut hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari tomonidan quyidagi mavzularda taqdimotlar qilinmoqda:
• «Etalon foydalanuvchisidan etalon yaratuvchisiga o‘tish»
• «O‘zbekistonda kvant metrologiyasiga birinchi qadam»
• «Gradus – tekis burchak birligi etalonini yaratish»
• «Metrologiyaning ta’limdagi o‘rni» va boshqalar.

Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida kvant metrologiyasi bo‘yicha zamonaviy loyihalar amalga oshirilmoqda, jumladan, ushbu yo‘nalishda ixtisoslashgan markaz tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Seminar doirasida “Butunjahon metrologiya kuni” munosabati bilan quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha eng faol va tashabbuskor mutaxassislar taqdirlanmoqda:
• Ilmiy metrologiya bo‘yicha “Eng yaxshi yosh metrolog”
• Amaliyotch metrologiya bo‘yicha “Eng yaxshi yosh metrolog”
• “Kaydzen usulini joriy qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi menejeri”
• “Yilning eng faol hududiy filiali”
• “Institutning eng yaxshi hamkor sanoat korxonasi”

G‘oliblarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirilmoqda.