Mashaqqatli va professional jamoaviy ish natijasida joriy yilning 1 martdan boshlab O‘zbekiston milliy metrologiya institutining (05-bo‘lim) Ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasi (keyingi o‘rinlarda – UzNIM SSDL deb yuritiladi) IAEA/WHO SSDL Network to‘la huquqli a’zosi bo‘lib, xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: IAEA/WHO SSDL Network – Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) bilan birgalikda ta’sis etilgan Ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyalari tarmog‘i/assotsiatsiyasi (SSDL).
2024 yil 1 mart holatiga ko‘ra IAEA/WHO SSDL Network da 90 ta to‘la huquqli a’zo (76 davlatdan) va 19 ta affillangan a’zo mavjud (https://ssdl.iaea.org/Home/Members). UzNIM SSDL IAEA/WHO SSDL Network ning 90-chi to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi.
UzNIM SSDL Markaziy Osiyo mintaqasining Milliy metrologiya instituti tarkibida faoliyat yurituvchi birinchi laboratoriya bo‘ldi. Bu, shubhasiz, O‘zbekiston milliy metrologiya institutining rivojlanish bosqichidagi ulkan yutuqdir.
![]() |
![]() |
UzNIM SSDL dozimetriya sohasida o‘lchash natijalarini metrologik kuzatiluvchanligini Xalqaro birliklar tizimigacha (SI) ta’minlash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan laboratoriya hisoblanadi va quyidagi yo‘nalishlarda
IAEA/WHO SSDL Network xalqaro platformasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi:
– IAEA/WHO SSDL Network tarmog‘iga a’zo laboratoriyalar negizida o‘quv kurslari va seminarlar o‘tkazish orqali UzNIM SSDL xodimlarining ilmiy-texnik salohiyatini oshirish;
– O‘zbekiston milliy metrologiya institutining kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (СМС-qatorlar) Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan asosiy solishtirishlarning ma’lumotlar bazasida (KCDB) chop etish;
– IAEA nashrlari, qo‘llanmalari va axborot byulletenlari ko‘rinishidagi materiallaridan foydalanish imkoni;
– UzNIM SSDL o‘lchash vositalarini kalibrlash bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida chiqish imkoniyati;
– mas’ul ekspertlar tomonidan UzNIM SSDLni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
– IAEA Dozimetriya laboratoriyasi (DOL) tomonidan UzNIM SSDL metrologik kuzatiluvchanligini ta’minlash;
– UzNIM SSDL uchun dozimetriya va tibbiy fizika sohasidagi loyihalarda ishtirok etish imkoni.
IAEA UZB6015 2019-2023 yillarda amalga oshirilgan “Ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasini tashkil etish” (Establishing the Secondary Standards Dosimetry Laboratory) texnik hamkorlik loyihasi UzNIM SSDL texnik asosi hisoblanadi.

