Aniq vaqt

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi

Unda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Zakirovning
“Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, raqamlashtirish hamda shaffof va korrupsiyadan xoli tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobi ko‘rib chiqildi.

✅ Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilgan. Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi Farmoni doirasida tizimning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda.

✅ Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilishicha, joriy yilda 2 240 ta xalqaro standart qabul qilinib, milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashganlik darajasi 85 foizga yetkazilgan. Erishilayotgan natijalar xalqaro reytinglarda ham aks etmoqda. BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan-2026-yil noyabr oyida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida 170 ta davlat orasida 67-o‘rinni egallagan. Bu avvalgi natijaga nisbatan 28 pog‘ona yuqori ko‘rsatkichdir. Mamlakatimiz mazkur reytingda o‘z o‘rnini eng jadal yaxshilagan beshta davlat qatoriga kirgan.

✅ “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali 397 mingdan ortiq elektron ariza qabul qilinib, 297 mingta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan. Tizim 40 dan ortiq davlat organi va tashkilot bilan integratsiya qilingan. Nomuvofiq mahsulotlar reyestri ishga tushirilib, unga 194 ta mahsulot kiritilgan, “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasi yaratilgan.

✅Parlament so‘rovida alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri — korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va tizimda ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ham muayyan natijalarga erishilgan. Agentlik va uning tizim tashkilotlarida xodimlarning manfaatlar to‘qnashuviga oid deklaratsiyalari tahlil qilingan. Shu bilan birga, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan.

✅ Muhokamalar davomida deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni yakunlash, milliy muvofiqlik belgisi va bozor nazoratini joriy etish mexanizmlarini o‘z vaqtida tayyorlash, xalqaro standartlarni qabul qilishni jadallashtirish hamda davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

✅ Deputatlar agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning belgilangan muddatlarda va sifatli tarzda ijrosini ta’minlash, ajratilgan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va idoralararo integratsiyani kengaytirish bilan bog‘liq tavsiyalarni berishdi.

✅ Majlisda mazkur masala yuzasidan tizimli parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.