2026-yil 7-10-sentabr kunlari Estoniyaning Tallin shahrida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari EURAMET massa va u bilan bog‘liq kattaliklar bo‘yicha Texnik qo‘mitasining (TC-M) yillik yig‘ilishida ishtirok etdilar.
![]() |
![]() |
O‘zMMI vakillari tadbirning massa, bosim, kuch va aylanma moment, zichlik va yopishqoqlik, gravimetriya, qattiqlik, shuningdek, dinamik o‘lchovlar, raqamlashtirish va strategik rivojlanish masalalarini qamrab olgan barcha texnik sessiyalarida ishtirok etdi.
Yig‘ilish doirasida O‘zMMI mutaxassislari tomonidan institutning massa va u bilan bog‘liq kattaliklar sohasidagi faoliyati haqida umumiy ma’ruza qilinib, milliy etalon bazasi, o‘lchov imkoniyatlari va institutning xalqaro faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Muhokamalar davomida xalqaro taqqoslashlarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zMMI ishtirokidagi joriy loyihalar, ularni amalga oshirish jarayoni va keyingi bosqichlari, shuningdek, institutning O‘zbekiston uchun istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha yangi xalqaro taqqoslashlarda ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ishtirok etish milliy metrologiya institutlari vakillari bilan faoliyatga doir muhokamalar o‘tkazish, tajriba almashish hamda massa va u bilan bog‘liq kattaliklar sohasida kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zMMIning o‘lchov imkoniyatlarini yanada rivojlantirish va institutning xalqaro metrologiya faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish uchun asos bo‘ladi.

