Joriy yilning 17–19 avgust kunlari O‘zbekiston milliy metrologiya institutining bosim laboratoriyasi bazasida institutning hududiy filiallari mutaxassislari uchun bosimni o‘lchash vositalarini kalibrlash masalalariga bag‘ishlangan texnik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotining asosiy maqsadi hududiy filiallar mutaxassislarining kasbiy va texnik kompetentligini yanada oshirish, bosimni o‘lchash vositalarini kalibrlash sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda hududiy laboratoriyalarning kalibrlash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv dasturi doirasida laboratoriya xonalari, texnik jihozlar va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, kalibrlash jarayonlarini amalga oshirishning amaliy jihatlari, shuningdek, o‘lchash natijalarining metrologik kuzatiluvchanligini ta’minlash masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, hududiy laboratoriyalar faoliyati davomida yuzaga kelayotgan dolzarb amaliy va texnik masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, mavjud muammolar, ularni bartaraf etishning samarali usullari va amaliy yechimlarini muhokama qildilar.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti yakunida mutaxassislarning bosimni o‘lchash vositalarini kalibrlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.
Ta’kidlash joizki, bunday texnik o‘quv mashg‘ulotlarini muntazam tashkil etish hududiy filiallar mutaxassislarining texnik kompetentligini oshirish, kalibrlash xizmatlari sifatini yaxshilash, hududiy laboratoriyalarning kalibrlash imkoniyatlarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonda bosimni o‘lchash sohasidagi metrologik infratuzilmani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.



