Texnik jihatdan tartibga solish agentligida Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) Bosh kotibi va Bosh ijrochi direktori Filipp Metsger ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida O‘zbekistonning 2027-yil 1-yanvardan IECda to‘laqonli a’zo sifatida faoliyat boshlashi munosabati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida IEC xalqaro standartlarini milliy amaliyotga keng joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Ayni paytda IEC fondidagi 11 mingdan ortiq standart va normativ-texnik nashrlarning 1 232 tasi mamlakatimizda qo‘llanilayotgani qayd etildi. Oldimizda esa yana minglab xalqaro standartlarni milliy amaliyotga qabul qilish vazifasi turibdi.
Shuningdek, milliy texnik qo‘mitalarning IEC texnik qo‘mitalaridagi ishtirokini kuchaytirish, kuch transformatorlari, elektr kabellari, elektr jihozlari xavfsizligi, quyosh fotoelektr tizimlari kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik ekspertlarning doimiy ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda “yashil” energetika, Smart Grid, energiyani saqlash tizimlari, elektr uzatish tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar ustuvor yo‘nalishlarda IEC standartlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va milliy ekspertlarni xalqaro texnik qo‘mitalar faoliyatiga keng jalb etish muhimligini qayd etdilar.