Aniq vaqt

Xalqaro darajada onlayn trening tashkil etildi

Joriy yilning 24-iyun kuni Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya tashkiloti Metrologiya kengashi (SMIIC MC) faoliyati doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan xalqaro darajadagi onlayn trening tashkil etildi. Trening “Tebranish datchiklari va tebranishni o‘lchash vositalarini ikkilamchi metod asosida kalibrlash” mavzusiga bag‘ishlanib, unda a’zo davlatlarning metrologiya sohasi mutaxassislari, laboratoriya xodimlari hamda sohaga qiziquvchi ekspertlar ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirni O‘zbekiston milliy metrologiya institutining Radiotexnik kattaliklar, ionlovchi nurlanishlarni o‘lchash va putur yetkazmasdan tekshirish bo‘limi mutaxassislari olib bordilar. Treningning asosiy maqsadi tebranishlarni o‘lchash sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, kalibrlash usullari va xalqaro talablarga muvofiq metrologik kuzatuvchanlikni ta’minlash bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Trening davomida ishtirokchilarga tebranishlarning fundamental nazariyasi, mexanik tebranishlarning asosiy parametrlari va ularni aniqlash usullari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, akselerometrlar va vibrometrlarni kalibrlash jarayoni, ularning metrologik tavsiflari hamda o‘lchash natijalarining ishonchliligini ta’minlashda metrologik kuzatuvchanlikning ahamiyati haqida taqdimot o‘tkazildi.

Trening yakunida O‘zbekiston milliy metrologiya institutining tebranish laboratoriyasi imkoniyatlari namoyish etildi. Laboratoriyada mavjud zamonaviy o‘lchash va kalibrlash uskunalari, amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik ishlar hamda xalqaro talablarga muvofiq ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur xalqaro trening metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba va bilimlar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida texnik salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan qiziqish va muhokamalar mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kelgusida yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil