“O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” DM (O‘zMMI) xodimlari tomonidan akustika yo‘nalishida DCC — raqamli kalibrlash sertifikatini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan loyiha doirasida O’zbekiston standartlar instituti akustika sinov laboratoriyasi xodimlari bilan raqamli kalibrlash sertifikatlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
![]() |
![]() |
![]() |
Ushbu ishchi uchrashuv davomida sinov laboratoriyasi xodimlariga raqamli kalibrlash sertifikatlari, ularning strukturasi hamda foydalanishi bo‘yicha tushunchalar berildi. Shu bilan birga bu turdagi sertifikatlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha taqdim etilayotgan takliflarni real sharoitlarda qo‘llash masalasi tahlil qilindi.
Ma’lumot uchun: DCC (Digital Calibration Certificate) — an’anaviy qog‘oz shaklidagi kalibrlash sertifikatining oddiy elektron nusxasi emas, balki kalibrlash natijalari, o‘lchash noaniqligi, metrologik kuzatuvchanlik va boshqa tegishli ma’lumotlarni standartlashtirilgan va mashina tomonidan o‘qishi va qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan raqamli shaklda ifodalovchi hujjatdir. Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM) raqamli metrologiyani rivojlantirish doirasida DCC va SI Digital Framework kabi tashabbuslarni xalqaro darajada rivojlantirmoqda. Shuningdek, Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar qo‘mitasi (CIPM) doirasi metrologiya raqamlashtirish forumi faoliyat yuritmoqda.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda metrologiya sohasini raqamlashtirish, xalqaro amaliyotga mos raqamli metrologik infratuzilmani shakllantirish hamda o‘lchash natijalarining ishonchliligi va kuzatuvchanligini zamonaviy raqamli vositalar orqali ta’minlashga xizmat qiladi.


