O‘zbekiston milliy metrologiya institutining standart namunalarni ishlab chiqaruvchi laboratoriyasi O‘zbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan O‘z DSt ISO 17034:2021 xalqaro standarti talablariga muvofiq o‘tkazilgan muvofiqlikni baholash tadbirlari natijalariga ko‘ra, pH hamda elektr o‘tkazuvchanlik standart namunalarini ishlab chiqaruvchi sifatida Milliy akkreditatsiya reyestriga kiritildi. Laboratoriyaga O‘ZAK.SN.0003 raqamli akkreditatsiya guvohnomasi berildi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda ISO 17034 standartiga muvofiq sertifikatlangan standart na’munalar ishlab chiqaruvchisi bor yo’g’i 30 ga yaqin davlatda mavjud.
Mazkur natija institutning standart namunalar ishlab chiqarish yo‘nalishidagi faoliyatini xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlab, mamlakatimizda o‘lchashlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash borasidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, pH va elektr o‘tkazuvchanlik standart namunalari respublikaning turli sanoat tarmoqlarida, jumladan, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, suv ta’minoti va suvni tozalash, atrof-muhit monitoringi, neft-gaz hamda energetika sohalarida aniq va ishonchli o‘lchashlarni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur standart namunalarini ishlab chiqarishning mahalliylashtirilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi, sertifikatlangan standart namunalarni mamlakatimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, metrologik ta’minotning barqarorligini ta’minlash hamda xalqaro talablarga javob beradigan o‘lchashlar tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti — aniq o‘lchashlar, ishonchli natijalar va xalqaro standartlar sari!

