Aniq vaqt

IEC rahbari O‘zbekiston milliy metrologiya institutining zamonaviy laboratoriyalari bilan tanishdi

Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) Bosh kotibi va Bosh ijrochi direktori Filipp Metsgerning O‘zbekistonga ilk tashrifi doirasida u O‘zbekiston milliy metrologiya instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida Institutning zamonaviy metrologiya laboratoriyalarida yaratilgan sharoitlar, yuqori aniqlikdagi etalonlar va ilg‘or o‘lchash vositalari bilan tanishdi. Filipp Metsgerga mamlakatimizda o‘lchovlarning birliligi va aniqligini ta’minlash, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, o‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash, shuningdek, metrologiya sohasida xalqaro talablarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Mehmonga Institut laboratoriyalarining texnik imkoniyatlari, zamonaviy metrologik jihozlardan foydalanish jarayonlari hamda turli kattaliklarni yuqori aniqlikda o‘lchash va etalonlar bilan solishtirish ishlari namoyish etildi. Ayniqsa, elektr kattaliklari, vaqt va chastota, massa, bosim, harorat, mexanik kattaliklar hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan laboratoriyalarning imkoniyatlari mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi. Tashrif davomida O‘zbekiston milliy metrologiya institutining xalqaro metrologiya tizimidagi o‘rni, laboratoriyalarning salohiyati va sohada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston metrologiya tizimining xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va zamonaviy metrologik infratuzilmani yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Aniq o‘lchov — ishonchli sifat.
Ishonchli sifat — xalqaro raqobatbardoshlik asosi.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil