Aniq vaqt

O‘zMMI va Italiyaning INRiM instituti o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik muhokama qilindi

2026-yil 8-iyul kuni O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va Italiyaning Milliy metrologik tadqiqotlar instituti — INRiM o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomon mas’ullari ishtirok etib, institutlarning faoliyati, ilmiy-texnik salohiyati, metrologiya xizmatlari, kvant metrologiyasi, kadrlar malakasini oshirish hamda EURAMET doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, dastlab O‘zMMI tomonidan institutning tashkiliy tuzilmasi, milliy etalonlar bazasi, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari va davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik loyihalar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zMMIning BIPM, COOMET, APMP, EURAMET, GULFMET, SIM va boshqa mintaqaviy metrologiya tashkilotlari bilan hamkorligi, CIPM MRA doirasidagi faoliyati hamda CMC imkoniyatlarini xalqaro darajada e’tirof ettirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvning asosiy yo‘nalishlaridan biri kvant metrologiyasi sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. O‘zMMI tomonidan 2026–2028-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “QUANTUM-M” — Kvant metrologiyasi markazi loyihasi taqdim etildi. Mazkur loyiha 8 ta etalon laboratoriya kompleksini qamrab oladi. Ular qatorida kvant Holl effekti asosidagi elektr impedans etaloni, Jozefson effekti asosidagi elektr kuchlanish etaloni, termodinamik harorat etaloni, yaqin maydonli skanerlovchi optik mikroskop, doimiy magnit maydoni induksiyasi etaloni, vakuumda oqimni gravimetrik usulda o‘rganish laboratoriyasi, kvant optik uzunlik laboratoriyasi hamda past absolyut bosim sohasi bo‘yicha etalon laboratoriyasi nazarda tutilgan.

INRiM tomoni ham o‘zining ilmiy-tadqiqot faoliyati, metrologiya xizmatlari va xalqaro loyihalardagi tajribasini taqdim etdi. Muhokamalarda INRiMning ilmiy ishlar va amaliy metrologiya xizmatlari bo‘yicha tajribasi O‘zMMI uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, INRiM umumiy budjetining 25 foizi ilmiy ishlardan, 75 foizi esa ko‘rsatilayotgan xizmatlardan shakllanadi.

Tomonlar O‘zMMI xodimlarining malakasini oshirish masalasini alohida muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining davlat dasturlari, jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi imkoniyatlari doirasida O‘zMMI mutaxassislarini INRiM laboratoriyalarida 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan stajirovkalarga yuborish taklif etildi. Malaka oshirish yo‘nalishlari sifatida akustika, fotometriya, kimyo, vibratsiya, kvant metrologiyasi, kalibrlash protokollari, o‘lchash metodikalari va etalon laboratoriyalarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, EURAMET doirasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. O‘zMMI 2025-yil iyun oyidan buyon EURAMET faoliyatida assotsiatsiyalashgan milliy metrologiya instituti sifatida ishtirok etib kelmoqda hamda texnik qo‘mitalar yig‘ilishlari, TraMeXI loyihasi va qiyoslash loyihalarida faol qatnashmoqda.

Uchrashuvda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda INRiM bilan birgalikda EURAMET doirasidagi qiyoslashlarda ishtirok etish, CMC imkoniyatlarini kengaytirish, texnik qo‘mitalar faoliyatiga O‘zbekiston mutaxassislarini jalb qilish, shuningdek, summer school, seminar, vebinar va ilmiy tashriflar orqali kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida INRiM mutaxassislarini O‘zbekistonda etalonlar, shu jumladan kvant etalonlarini yaratish jarayonlariga jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bunda texnik maslahatlar berish, laboratoriya infratuzilmasini rejalashtirish, uskunalarni tanlash, kalibrlash protokollari va o‘lchash metodikalarini ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro ilg‘or tajribani joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zMMI va INRiM o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni tizimli ravishda davom ettirish, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Mazkur onlayn muloqot O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida metrologiya, ilm-fan, innovatsiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalaridagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil