30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda uning tizimidagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Agentlik direktori Akmal Jumanazarov so‘zga chiqib, tizimda faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va mutaxassislarning yutuqlari, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda soha uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Agentlik va O‘zbekiston milliy metrologiya institutida 28 falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritib, metrologiya sohasini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Tadbir davomida yosh mutaxassislarning xalqaro maydondagi yutuqlari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, joriy yilning 16–17-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Kelajak bizniki” shiori ostida o‘tkazilgan IV Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani doirasida tashkil etilgan “MDHning eng yaxshi yosh metrologi” I Xalqaro tanlovida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti xodimlari munosib ishtirok etdi.
Yoshlarning xalqaro tajribasini boyitish maqsadida 24-iyun kuni Institut tomonidan Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC) Metrologiya kengashi doirasida “Tebranish datchiklari va tebranishni o‘lchash vositalarini ikkilamchi metod asosida kalibrlash” mavzusida xalqaro onlayn trening tashkil etildi.
Shuningdek, Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan ta’sis etilgan “Eng yaxshi metrolog” mukofotining ilk g‘oliblari safidan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va soha vakillarining munosib o‘rin olgani alohida qayd etildi.
Tadbirda Agentlik rahbariyati, yoshlar, tizim tashkilotlari yosh xodimlari, shuningdek, hududiy filiallar vakillari onlayn formatda ishtirok etdi. Tadbir mehmoni sifatida O‘zbekiston kinoarboblari uyushmasi a’zosi, aktyor Umid Iskandarov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, Agentlik va uning tizim tashkilotlarida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va kasbiy salohiyatini yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.