Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya tashkiloti (SMIIC) Metrologiya kengashi (MC) huzurida tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish uchun halol sifat infratuzilmasi” ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi onlayn formatda o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruhning 8 nafar a’zosi hamda Metrologiya kengashi kotibiyati vakillari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston vakili ham ishchi guruh a’zosi sifatida qatnashib, kun tartibidagi masalalar muhokamasida faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishchi guruh koordinatori tomonidan guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Shu bilan birga, ishchi guruhning qisqa va uzoq muddatli faoliyat rejalari muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, “Barqaror rivojlanish uchun halol sifat infratuzilmasi” ishchi guruhi doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi:
🔹 Barqaror rivojlanish uchun halol sifat infratuzilmasi konsepsiyasini ishlab chiqish;
🔹 Halol metrologiya indeksini yaratish;
🔹 Halol dasturiy ta’minot bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish.
Yig‘ilish yakunida ishchi guruhning 2028-yil yakuniga qadar mo‘ljallangan harakatlar rejasi taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, mazkur reja halol sifat infratuzilmasini rivojlantirish, metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda a’zo davlatlar o‘rtasida ilg‘or tajriba va bilim almashinuvini kengaytirishga xizmat qiladi.