O’zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassisi Azamat Taubaldiyev Xalqaro nazariy fizika markazi (ICTP) hamda Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (IAEA) tomonidan tashkil etilgan Joint ICTP-IAEA Workshop on Advanced Dosimetry in Diagnostic and Interventional Radiology xalqaro seminarida ishtirok etdi.
Tadbir diagnostik radiologiyada dozimetriyaning zamonaviy yondashuvlari, o‘lchashlarning metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash, dozimetrlarni kalibrlash hamda ionlashtiruvchi nurlanish sohasida xalqaro standartlarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar dozimetriyaning nazariy asoslari va amaliy jihatlari, o‘lchashlar noaniqligini baholash usullari, turli xil dozimetrlarning qo‘llanish xususiyatlari, shuningdek, rentgen diagnostikasi muolajalarining sifati va xavfsizligini ta’minlashda milliy metrologik hamda dozimetrik laboratoriyalarning o‘rnini muhokama qildilar.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston vakilining ishtiroki ionlashtiruvchi nurlanish metrologiyasi sohasidagi salohiyatni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda milliy metrologiya tizimida dozimetrik o‘lchashlarning kuzatuvchanligi va aniqligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qiladi.