#Jizzax_filiali
Qatag‘on qurbonlari xotirasi – tarix sabog‘i va ma’naviy meros
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi “2025-2026-yillarda mamlakatimizda qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini targʻib etish ishlarini yanada jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 691-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida respublikamiz boʻylab qator amaliy tadbirlar olib borilmoqda.
Ushbu qarorning asosiy yoʻnalishlaridan biri – qatagʻon qurbonlari hayoti, faoliyati va ilmiy merosini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida targʻib qilishdan iborat. Mazkur vazifalarni amalga oshirish doirasida “O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti” DM Jizzax filiali xodimlari Jizzax davlat pedagogika universiteti huzurida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ga tashrif buyurdilar. Tadbir “Qatag‘on qurbonlari xotirasi unitilmaydi” shiori ostida o‘tkazildi.
Tashrif davomida muzey rahbari Baxtigul Ergasheva mehmonlarni qatag‘on davrining turli bosqichlari bilan batafsil tanishtirdi. Jumladan, XIX asr oxiri va XX asrning 20-yillarida amalga oshirilgan “quloqlashtirish” siyosati, 30-yillardagi ommaviy qatag‘onlar, shuningdek, 40-50-yillar va 80-yillardagi siyosiy ta’qiblar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Muzeyda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, maxfiy materiallar, fotosuratlar hamda turli eksponatlar o‘sha davrning murakkab va fojeali manzarasini yaqqol aks ettiradi.
Mazkur tashrif xodimlarda tarixiy xotiraga hurmatni mustahkamlash, ajdodlarimizning mashaqqatli hayoti va fidoyiligini chuqurroq anglash, shuningdek, ma’naviy dunyoqarashni boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, ishtirokchilar qatag‘on qurbonlari bo‘lgan shaxslar ro‘yxati bilan yaqindan tanishib, ularning hayot yo‘li haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni tarix saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undab, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.