O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan metrologiya sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy o‘lchash infratuzilmasini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “Innoprom-2026” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya institutiga Chelyabinsk viloyati Sanoat, yangi texnologiyalar va tabiiy resurslar vaziri Knaub Mixail Yevgenevich boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, metrologiya, standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohalarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar. Delegatsiya a’zolari “ElMetro-Injiniring” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Sath etaloni laboratoriyasini ko‘zdan kechirib, uning texnik imkoniyatlari, zamonaviy jihozlanishi va amaliy ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur laboratoriya zamonaviy qiyoslash qurilmalari bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori aniqlikka ega sath o‘lchash vositalarini tekshirish va kalibrlash imkoniyatini yaratadi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Shuningdek, “ElMetro-Injiniring” kompaniyasi bilan hamkorlikda sath o‘lchash vositalarini tekshirish uchun namunaviy qurilmalarni yaratish, ularni lokalizatsiya qilish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya a’zolari Toshkent davlat texnika universitetida tashkil etilgan zamonaviy laboratoriya faoliyati bilan ham tanishib, ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.
Mazkur tashrif va amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va milliy o‘lchash tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.