Metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda zamonaviy o‘lchash infratuzilmasini shakllantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. Rossiya Federatsiyasining innovatsion yechimlar ishlab chiqaruvchisi — ElMetro-Injiniring MChJ hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mazkur kelishuv ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-texnik salohiyatni birlashtirish va ilg‘or tajribalar almashinuvini ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, hamkorlik doirasida zamonaviy o‘lchash vositalarini ishlab chiqish, metrologik ta’minotni takomillashtirish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xujjat Jumanazarov Akmal Ro‘ziqulovich — O‘zbekiston Respublikasi texnik jixatdan tartibga solish agentligi bosh direktori va Jestkov Aleksandr Vladimirovich — «ElMetro» kompaniyalar guruhi bosh direktori tomonidan imzolandi. Tomonlar muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar va amaliy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Mazkur hamkorlik milliy metrologiya tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, sanoatda raqobatbardoshlikni oshirish va innovasion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ushbu kelishuv nafaqat ikki tashkilot, balki butun soha uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, O‘zbekistonda metrologiya sohasining izchil va barqaror rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi.