2026-yil 20-22 aprel kunlari Toshkent shahrida oltinchi bor “INNOPROM-2026: Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Mazkur nufuzli tadbir so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasining eng yirik sanoat platformalaridan biriga aylanib, ishlab chiqarish, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘rgazmada O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi tashkilot – O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ham faol ishtirok etdi.
“INNOPROM-2026: Markaziy Osiyo”da O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan rasmiy delegatsiyalar, investorlar hamda ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirok etdi. Bu yilgi tadbir texnologik sheriklik g‘oyasini davom ettirib, sanoatda o‘zaro integratsiya va kooperatsiyani yanada chuqurlashtirishga qaratildi.
Rossiya Federatsiyasidan qator yirik sanoat kompaniyalari, jumladan, mashinasozlik, neft-gaz, metallurgiya va yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar qatnashdi. Shuningdek, Rossiya eksport markazi eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Rossiyaning Moskva shahri, Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Chelyabinsk viloyati kabi hududlari ham o‘z investitsion va sanoat salohiyatini namoyon qildi.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mazkur tadbirda faol ishtirok etib, metrologiya va standartlashtirish sohasidagi xizmatlar, ilmiy ishlanmalar, milliy va xalqaro standartlarni joriy etish, hamda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish yo‘nalishlaridagi faoliyatini taqdim etdi. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bo‘yicha alohida stend tashkil etildi.
2026-yilgi ko‘rgazma doirasida sanoatning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan zamonaviy texnologiyalar namoyish etildi. Jumladan, shahar infratuzilmasi va transport tizimlari uchun innovatsion yechimlar, sanoat uskunalari, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalari, robotlashtirilgan texnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, sun’iy intellekt asosidagi ta’lim dronlari va boshqa ilg‘or ishlanmalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy voqealaridan biri Bosh plenar sessiya hisoblanadi. Unda hukumat vakillari, xalqaro delegatsiyalar rahbarlari, yirik sanoat kompaniyalari va tarmoq birlashmalari ishtirok etib, zamonaviy sanoat taraqqiyoti va hamkorlik istiqbollarini muhokamа qilidilar.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bu yil o‘zining ilmiy-texnologogik va konstruktorlik ishlanmalari hamda yangi loyihalari bilan ishtirok etdi.