Aniq vaqt

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakili AEXA loyihasi doirasidagi xalqaro yig‘ilishda ishtirok etdi

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassisi Azamat Taubaldiyev Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligi (AEXA)ning texnik hamkorlik loyihasi — RER6046 “Yevropa va Markaziy Osiyoda ionlashtiruvchi nurlanish metrologiyasini mustahkamlash” doirasida tashkil etilgan birinchi mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishda ishtirok etdi.

Vena shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda ishtirokchi davlatlarning ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyalari (SSDL), tegishli tashkilotlar vakillari hamda AEXA mutaxassislari qatnashdi. Yig‘ilishning asosiy maqsadi loyihani rasmiy ravishda ishga tushirish, ionlashtiruvchi nurlanish metrologiyasi sohasidagi mavjud ehtiyoj va muammolarni muhokama qilish, shuningdek, dastlabki bosqich uchun ustuvor harakatlar rejasini kelishib olishdan iborat bo‘ldi.
RER6046 loyihasi to‘rt yilga mo‘ljallangan bo‘lib, ionlashtiruvchi nurlanish sohasida metrologik infratuzilma va kalibrlash xizmatlarini mustahkamlash hamda uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Ayniqsa, uning tibbiyot va radiatsiyaviy himoya sohalarida qo‘llanilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tadbirda O‘zbekiston vakilining ishtiroki xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirish hamda milliy metrologiya tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil