Aniq vaqt

Turkiya Respublikasining Gebze shahrida metrologiya sohasidagi muhim xalqaro tadbirlardan biri — KOOMET Prezidenti Kengashining 43-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilish Turkiya Ilmiy-texnik tadqiqotlar kengashi мilliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME) direktori doktor Mustafo Chetintashning taklifiga asosan tashkil etildi. Unda metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda istiqboldagi strategik yo‘nalishlarni belgilash masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston мilliy metrologiya instituti direktori, KOOMET prezidenti Lazizbek Saidoripov ishtirok etdi hamda yig‘ilishga raislik qildi. Tadbir doirasida u xorijiy hamkasblar bilan fikr almashib, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Kun tartibidan bir qator muhim masalalar o‘rin oldi. Jumladan, KOOMET vitse-prezidentini tayinlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi, TK 1.1 raisi nomzodi tasdiqlandi hamda tashkilotning yagona axborot resursini ishga tushirish masalasi muhokama etildi.

Shuningdek, “Metrologiyada raqamli transformatsiya” mavzusida tematik seminar o‘tkazilib, unda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va innovatsion yechimlarni qo‘llash masalalari keng muhokama qilindi.

Yig‘ilish doirasida KOOMET Sifat forumi ham o‘tkazildi. Forumda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston va Kuba metrologiya institutlarining o‘zaro baholash jarayonlari, shuningdek Rossiya metrologiya institutlarining o‘zaro baholash natijalarini rejalashtirish bosqichlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, KOOMET doirasidagi hamkorlikni takomillashtirish konsepsiyasi loyihasi, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan KOOMET strategiyasi hamda metrologiya sohasining dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar Turkiya Ilmiy-texnik tadqiqotlar kengashi Milliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME)ning zamonaviy laboratoriyalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Ushbu yig‘ilish doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti yana bir natijani qo‘lga kiritdi. O‘zMMI vakili A. Botirov KOOMET TQ 1.6 tarkibidagi 1.6.6 “Oqim sarfi” ishchi guruhi rahbari etib tayinlandi. Endilikda u ushbu yo‘nalishda xalqaro taqqoslash loyihalarini tashkil etish, tajriba almashish va ilmiy-texnik hamkorlikni kuchaytirish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Mazkur yig‘ilish xalqaro metrologiya hamjamiyati uchun muhim ahamiyat kasb etib, ishtirokchi davlatlar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil