O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gvido De Sanktis bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida standartlashtirish, metrologiya, bozor nazorati va sinov sohalarida hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari, xususan, Italiya bilan o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Italiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishonchli, barqaror va istiqbolli hamkor sifatida e’tirof etmoqda. Jumladan, 2025 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 469 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining “Twinning” dasturi doirasida xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, Italiyadagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, akustika laboratoriyasi hamda kvant metrologiya markazini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy etalonlarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan infratuzilma, laboratoriyalardagi shart-sharoitlarning xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga muvofiqligi elchi tomonidan yuqori baholandi.
Bundan tashqari, malakali kadrlar tayyorlashda dual ta’lim asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, strategik sheriklik darajasini oshirish hamda barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.