O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi taklifi asosda ilk bor 2024 yil 13-14 may kunlari Samarqandda “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tgan edi.
Mazkur nufuzli anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar o‘zaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlarning bu boradagi zamonaviy yondashuvlarini o‘rganish maqsadida “Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etishning mintaqaviy jihatlari: ularning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha preventiv chora-tadbirlar”, “Mintaqadagi nodavlat tashkilotlarning xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi ilg‘or tajribasi, amaliyoti va innovasion yondashuvlari” kabi mavzularda parallel sessiyalarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan edi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan Milliy metrologiya institutida o‘tkazilgan tadbirda mazkur Forum haqida so‘z borib, Forumda ishtirok etgan 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlarning 40 nafardan ortiq vakillari mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholaganliklari ta’kidlandi.
Tadbirda Agentlik Maslahat Kengashi raisi N.Mamadaliyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash va oilalar mustahkamligi masalalari malakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligi haqida alohida so‘z yuritdi.
Mazkur Forum 2026 yil ham o‘tkazilishi munosabati bilan Forumning oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari haqida xodimlarga tushuntirib borish, uni keng yoritish ishlarini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.