![]() |
![]() |
O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish va sifat infratuzilmasini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Germaniyaning Federal fizika-texnika instituti (PTB) o‘rtasida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasini isloh qilish va xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida navbatdagi o‘quv treninglari tashkil etildi.
![]() |
![]() |
Mazkur loyiha milliy iqtisodiyot tarmoqlarida o‘lchashlar aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, zamonaviy standartlar va xalqaro talablarga muvofiq faoliyat yuritishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ayni paytda O‘zbekiston milliy metrologiya institutining ikki nafar mutaxassisi elektr va magnitizm yo‘nalishida malaka oshirish maqsadida Tailand milliy metrologiya instituti ekspertlari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Treninglar doirasida mutaxassislar impedans, tok kuchi va kuchlanish yo‘nalishlarida kalibrlash ishlarini amalga oshirish, o‘lchashlardagi noaniqlik va xatoliklarni hisoblashning zamonaviy usullarini o‘zlashtirmoqda. Bu esa elektr va magnit kattaliklari sohasida milliy etalon bazasini mustahkamlash, xalqaro qiyoslanuvchanlikni ta’minlash hamda sanoat tarmoqlariga yuqori sifatli metrologik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Qayd etish joizki, mazkur o‘quv treninglari bilan bog‘liq barcha xarajatlar Germaniyaning Federal fizika-texnika instituti tomonidan moliyalashtirilmoqda. Mazkur hamkorlik milliy sifat infratuzilmasini yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos metrologik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonning global bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.



