Aniq vaqt

Ishonch telefoni : +998 (78)150 26 03

O‘zbekistonda COOMET doirasidagi xalqaro yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda

✅ O‘zbekiston milliy metrologiya institutida (https://nim.uz/) Davlat metrologiya muassasalarining Yevro-Osiyo hamkorligi (COOMET) (https://coomet.info/)doirasida 1.5 – “Uzunlik va burchak” texnik qo‘mitasining 22-yig‘ilishi o‘z ishiga start berdi.

✅ O‘zMMI tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari hamda institut mutaxassislari ishtirok etmoqda.

✅ Shuningdek, COOMETga a’zo boshqa davlatlarning milliy metrologiya institutlari vakillari yig‘ilishda onlayn tarzda faol ishtirok etmoqda.

✅ Tadbir doirasida uzunlik va burchak kattaliklari o’lchash bo’yicha xalqaro tajribalar almashinuvi, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, xalqaro solishtirish o’tkazish masalalari muhokama qilinmoqda.

✅ Shuningdek, qo‘mita yig‘ilishi davomida COOMETga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘lchash vositalarini uyg‘unlashtirish, xalqaro miqyosda tan olingan o‘lchash natijalarini ta’minlash bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilmoqda.

✅ Ushbu texnik qo‘mitaning yurtimizda o‘tkazilishi bizga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

🔤 Xalqaro solishtirishlarda yanada faol va jadal ishtirok etish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish;

🔤 Yangi solishtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar berish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish;

🔤 Uzunlik yo‘nalishi bo‘yicha solishtirish natijalarini ekspertiza jarayonlarini yakunlash va burchak yo‘nalishi bo‘yicha yangi solishtirish loyihalarini amalga oshirishni taklif etish.

🔤 O‘zMMIning xalqaro maydondagi mavqeini yanada oshirish, institut faoliyatini keng miqyosda targ‘ib qilish.