Aniq vaqt

Ishonch telefoni : +998 (78)150 26 03

AL-FARG‘ONIY BOSHCHILIGIDA QURILGAN NILOMЕRLAR

Buyuk mutafakkirlarimizdan biri, astronomiya, matematika, geografiya va boshqa ilmiy yo‘nalishlarda o‘z xissasini qo‘shgan bobokalonimiz – Ahmad al-Farg‘oniy(to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniy) (taxminan 798, Farg‘ona — 865, Misr)ning ilmiy merosi asrlar osha o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

Ahmad al-Farg‘oniy hayoti, ilmiy izlanishlari va kamoloti Abbosiylar sulolasi hukm surgan tarixiy davrda kechdi tadqiqotlarda faol ishtirok etdi. Shu munosabat bilan arab tilidagi ilmiy atamashunoslikka doir ishlarni, xususan, falakiyot, riyoziyot va geografiyaga oid atamalarni belgilab chiqishdek maxsus ilmiy ishlarni amalga oshirishda ham Al-Farg‘oniyning xizmati katta.

Uning asosiy astronomik asari — „Kitob al-harakot as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum“ („Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi“). Bu asar „Astronomiya asoslari haqidagi kitob“ nomi bilan ham ma’lum bo‘lib, 1145 va 1175-yillarda Yevropada lotin tiliga tarjima etiladi. Shundan so‘ng Al-Farg‘oniy nomi lotinlashtirilib, „Alfraganus“ shaklida G‘arbda shuhrat topadi.

Bulardan tashqari, u ayrim astronomik asboblarni ixtiro etish, falakiyotshunoslikka doir arab tilidagi boshlang‘ich bilimlarni belgilash va tartibga solish ishlariga ham muhim hissa qo‘shdi. 832-833 yillarda Al-Farg‘oniy Shom (Suriya) shimolidagi Sinjor dashtida Tadmur va ar-Raqqa oraligida yer meridiani bir darajasining uzunligini o‘lchashda qatnashdi.

Al-Farg‘oniyning ilmiy hamda amaliy faoliyatida eng ko‘zga ko‘ringanlaridan biri bu – xalifa Abul Fazl Ja’far al-Mutavakkil (hukmronlik yillari 847-861) buyrug‘iga binoan Qohira shahri yaqinidagi Ravza orolida Nil daryosi suv sathini o‘lchash maqsadida Qohira Nilomerini barpo etishidir.

Nilomer yoki Nilometr (Miqyos an-Nil) to‘rtburchak shakldagi quduq ko‘rinishida bo‘lib, Nil daryosi bilan uchta yer osti suv yo‘llari orqali tutashgan. Quduq o‘rtasida oq marmar bilan qoplangan (balandligi 10 m) sakkiz qirrali ustun o‘rnatilgan. Ustunda suv sathini o‘lchashga imkon beradigan yirik darajot (ko‘rsatkich) bo‘lib, u mayda darajotga bo‘lingan. Yirik darajot arab tirsak birligi (taxminan 54 sm)ga, maydalari esa uning 1/24 qismi (qirot)ga, ya’ni 2,25 sm ga teng.

Kuzatuvchi suv sathi haqida hisob olish uchun aylanma zinapoyadan tushib chiqqan. Nilomer daryo suv sathini katta aniqlikda o‘lchashga imkon bergan. Jahon meteorologiya tashkilotiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarda suv havzalari (daryolar, ko‘llar, suv omborlari, hatto dengiz va okeanlar)ning sathlari ham shu usulda o‘lchanadi.

Bugungi kunda Nilometrlar tarixiy yodgorlik hisoblanib, xozirga qadar 20 ga yaqin nilomerlar saqlanib qolgan.

Internet manbaalari asosida tayyorlandi

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil