Xabaringiz borki, kuni kecha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Islom Karimov nomli Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida ta’lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida agentlik binosida “O‘quv va amaliyot” xonasi tashkil etildi.

Bugun Toshkent davlat texnika universitetining “Elektronika va avtomatika” fakultetida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori o‘rinbosari Ma’rufjon Jalilov, Standartlar instituti direktori G‘ayrat Gaziyev, universitet prorektori Orifjon Zaripov, “Metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kafedrasining professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda soha mutaxassislari va kafedra o‘rtasida ijodiy muhitni shakllantirish, o‘qitiladigan fan dasturlari va o‘quv rejalarini qayta ko‘rib chiqan holda takomillashtirish, kafedraning professor-o‘qituvchilari hamkorligida ilmiy tadqiqotlar olib borish, tayyorlangan ilmiy ishlarni xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritish (Scopus, Web of science va boshqalar), hamda monografiyalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar ko‘rinishida chop etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv M. Jalilov so‘zga chiqib O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va universitet o‘rtasida sanoat korxonalariga metrologiya yo‘nalishida malakali kadrlarni tayyorlash, sohaga doir ilm-fan va ta’limni rivojlantirish hamda 4+1 tamoyili asosida talabalarni nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot bilan uyg‘unlashtirish orqali kengaytirish haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga universiteting iqtidorli talabalarini tanlov asosida ishga qabul qilish, kafedra professor-o‘qituvchilarini institutning ma’lumotlar resurslaridan foydalanishlarida va mavjud laboratoriyalar bazasidan foydalangan holda ilmiy ishlar bilan bog‘liq nazariy va eksperimental izlanishlarni olib borishlarida amaliy yordam ko‘rsatish hamda o‘qituvchilarni metrologiya yo‘nalishida malakalarini oshirishga kelishib olindi.