O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassisi Azamat Taubaldiev Tibbiy radiatsion dozimetriyada standartlar, qo‘llanilishi va sifatni ta’minlash bo‘yicha xalqaro simpoziumda (IDOS 2026) ishtirok etdi. Simpozium 2026-yil 5–9-oktabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tdi va radiatsion dozimetriya sohasidagi jahon hamjamiyatining ekspertlari va mutaxassislarini birlashtirdi.
Simpoziumning asosiy maqsadi ionlashtiruvchi nurlanishning tibbiyotda qo‘llanilishi, radiatsiyadan himoyalanish va tegishli standartlar bo‘yicha radiatsion dozimetriyaning so‘nggi yutuqlarini muhokama qilish va ilmiy-texnik tajriba almashish uchun xalqaro maydon yaratishdan iborat bo‘ldi. Simpozium dasturi ionlashtiruvchi nurlanishdan foydalaniladigan tibbiyotning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oldi. Jumladan, nur terapiyasi, diagnostik va intervensional radiologiya, radiofarmatsevtik terapiya hamda yadro tibbiyoti sohalarida dozimetriya standartlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Simpozium doirasida Azamat Taubaldiev “Diagnostik radiologiya dozimetrlarini kalibrlash uchun nostandart, yangi taklif etilgan mis asosidagi radiatsion sifatlarni tadqiq etish” mavzusidagi ilmiy ishini taqdim etdi. Mazkur tadqiqot Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ko‘magida, IAEAning E24026 “Doctoral CRP in Radiation Metrology” muvofiqlashtirilgan tadqiqot loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Shuningdek, Azamat Taubaldiev COOMET Mintaqaviy metrologiya tashkilotining Ionlashtiruvchi nurlanish bo‘yicha texnik qo‘mitasi faoliyatini tanishtirdi hamda qo‘mitaning mintaqada radiatsion metrologiyani rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga qo‘shayotgan hissasi haqida ma’lumot berdi.
IDOS 2026 simpoziumida ishtirok etish tibbiy radiatsion dozimetriya sohasidagi yetakchi mutaxassislar bilan ilmiy va texnik bilimlar almashish, yangi professional aloqalarni o‘rnatish hamda radiatsion metrologiya, dozimetriya va sifatni ta’minlash sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berdi.