O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) vakillari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining (OKMK) “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” loyihasi doirasidagi MBF-3 va MBF-4 mis boyitish fabrikalari qurilishi bo‘yicha Loyiha ofisi direktori Farruh Tashmetov, shuningdek, OKMK hamda “ENTER ENGINEERING PTE. LTD.” mutaxassislari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdilar.
![]() |
![]() |
✅ Uchrashuvda MBF-3 va MBF-4 obyektlarini davlat qabul komissiyasiga topshirish jarayonida foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining metrologik holatini ta’minlash hamda zarur sertifikat va me’yoriy hujjatlarni tizimli rasmiylashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasida korxonadagi mavjud 4 075 dona o‘lchash vositasini sifatli va o‘z vaqtida metrologik tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, MBF-3 hududida vaqtinchalik laboratoriya tashkil etilib, asosiy tekshiruv ishlari bevosita obyektning o‘zida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Ushbu vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida ikki tomon mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, o‘lchash vositalariga oid hujjatlarni inventarizatsiya qilish ishlariga kirishildi. Joyida tekshirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan maxsus o‘lchash vositalari esa O‘zMMIning Toshkent shahridagi markaziy laboratoriyalariga yuboriladi, 21-sentyabrdan e’tiboran esa O‘zMMI Olmaliq filiali mutaxassislari tomonidan obyektlarda amaliy metrologik ishlar boshlandi.
Shu bilan birga, uchrashuvda faqat joriy tekshiruvlar bilan cheklanib qolmay, ilmiy ishlanmalar yaratish, namunaviy o‘lchash vositalarini ishlab chiqish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
✅ O‘zMMI va uning hududiy filiallarida yaratilgan o‘lchash vositalari va ilmiy ishlanmalar kataloglari OKMK hamda Loyiha ofisi rahbariyatiga taqdim etildi.
Tomonlar MBF-3 va MBF-4 obyektlari qabul qilinib, jihozlar kombinat balansiga o‘tkazilgandan so‘ng, mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, yangi o‘lchash vositalari va metrologik qurilmalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib oldilar.
Xususan, sath o‘lchash vositalarini metrologik tekshirish qurilmasini yaratish va OKMK laboratoriyasini zarur namunaviy o‘lchash vositalari bilan jihozlash bo‘yicha takliflar tayyorlanishi, shuningdek, ilmiy-technil ishlanmalar OKMKning Muhandislar maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilandi.
✅ Mazkur hamkorlik yirik sanoat korxonalarida metrologik ta’minot darajasini sezilarli darajada oshirish, o‘lchashlarning yuqori aniqligi va ishonchliligini ta’minlash hamda mahalliy metrologik yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

