Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Osiyo-Tinch okeani qonuniy metrologiya forumi (APLMF), Xalqaro qonuniy metrologiya tashkiloti (OIML) hamda Bozorni tartibga solish davlat ma’muriyati (SAMR) hamkorligida OIML sertifikatlash tizimini (OIML-CS) qo‘llash va “Harakatdagi yo‘l transport vositalarining massasini avtomatik tortish va o‘qlarga tushadigan yuklamani o‘lchash” bo‘yicha OIML R 134 Xalqaro tavsiyasini qayta ko‘rib chiqish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti vakillari ham faol ishtirok etdilar. Seminar soha mutaxassislariga og‘irlik o‘lchash uskunalarining turini tasdiqlash bo‘yicha xalqaro talablarni o‘rganish,
sinov uslubiyotlarini xalqaro talablar asosida uyg‘unlashtirish, yo‘llarda avtomatik og‘irlik nazorati sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish, OIMLning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish va ilmiy-texnik salohiyatni oshirish imkonini berdi.E’tiborli jihati, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Massa o‘lchash bo‘limi xodimi Shohruh Bakirov xalqaro seminarda “National Legal Metrology Framework & Control of Automatic Instruments for Weighing Road Vehicles in Motion in Uzbekistan” mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro seminar O‘zbekistonda qonuniy metrologiya sohasida xalqaro tajribani joriy etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda OIML doirasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
