Tadbirda AQSh Savdo departamenti huzuridagi Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) Kvant o‘lchashlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Dr. Albert Rigosi, Chexiya Milliy metrologiya instituti (CMI) Uzunlik kvant bo‘limi metrologi Dr. Petr Kren va boshqa xorijiy davlat metrologiya instituti vakillari ishtirok etmoqda.
![]() |
![]() |
![]() |
Shuningdek, xalqaro yozgi maktabda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va institutning hududiy filiallari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari hamda sanoat korxonalari mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Yozgi maktab dasturidan kvant metrologiyasining zamonaviy va istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy maʼruzalar, amaliy taqdimotlar va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar o‘rin olgan.Tadbir davomida ishtirokchilarga kvant texnologiyalarining zamonaviy o‘lchashlar tizimidagi ahamiyati, yuqori aniqlikdagi etalonlarni yaratish va ularni amaliyotga joriy etish istiqbollari, shuningdek, ilmiy-tadqiqotlar va metrologik infratuzilmani xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berilmoqda.
Xalqaro yozgi maktab O‘zbekistonda Kvant metrologiya markazini tashkil etish, uning ilmiy-texnik konsepsiyasini ishlab chiqish va ushbu yo‘nalishdagi strategik vazifalarni belgilashda xorijiy ekspertlar bilan fikr almashish uchun muhim amaliy maydon vazifasini o‘tadi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida O‘zbekiston metrologiya sohasi mutaxassislarining zamonaviy kvant texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda sohada ilmiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro yozgi maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonida belgilangan metrologiya sohasidagi mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro talablar asosida oshirish vazifalarining ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatda zamonaviy metrologiya infratuzilmasini rivojlantirish va kvant metrologiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


