O‘zbekiston milliy metrologiya institutida Xitoyning WILLFAR INFORMATION TECHNOLOGY CO., LTD kompaniyasi Xalqaro savdo bo‘yicha direktori janob Lin Syun boshchiligidagi delegatsiya hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi hamkori — Istiqlol Recycling MCHJ vakili Asrorbek Abdulxayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviy elektr energiyasi hisoblagichlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ularni belgilangan tartibda sertifikatlash, turini tasdiqlash maqsadida metrologik sinovlardan o‘tkazish hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq elektr energiyasi hisoblagichlariga qo‘yiladigan metrologik va texnik talablar, ularning turini tasdiqlash va Davlat reyestriga kiritish tartibi, zarur hujjatlar, metrologik sinovlarni tashkil etish hamda mazkur jarayonlarni amalga oshirish muddatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, elektr energiyasi hisoblagichlaridan respublika hududida foydalanish jarayonida ularning metrologik ishonchliligini ta’minlash, jumladan, birlamchi va davriy qiyoslash ishlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda WILLFAR INFORMATION TECHNOLOGY CO., LTD kompaniyasi tomonidan kelgusida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hisoblagichlarini ishlab chiqarish hududining o‘zida birlamchi metrologik qiyoslashdan o‘tkazish, shuningdek, belgilangan tartibda keyingi davriy qiyoslash ishlarini amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy metrologik laboratoriya tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bilan hamkorlik qilish taklifi bildirildi.
Mazkur uchrashuv tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy elektr energiyasi hisoblagichlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ularning metrologik ta’minotini ta’minlash hamda sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida muhim qadam bo‘ldi.