O‘zbekiston milliy metrologiya sohasi mutaxassislari Buyuk Britaniyaning Taylor Hobson kompaniyasida tajriba almashdi. Tashrif davomida ular xalqaro talablarga mos laboratoriyalar, zamonaviy o‘lchash uskunalari va yangi texnologiyalar bilan tanishdi.
Mutaxassislar kompaniyaning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyasi faoliyatini o‘rganib, yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, ilmiy loyihalar va yangi etalonlarni yaratishda qo‘llaniladigan ilg‘or tajribalar bo‘yicha ma’lumotlar olindi.
Safar doirasida Digital Autocollimator va Micro Alignment Telescope qurilmalarini ishlab chiqarish jarayonlari ham o‘rganildi. Ushbu uskunalar burchak, to‘g‘rilik, tekislik, perpendikulyarlik va parallellik kabi geometrik ko‘rsatkichlarni yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Talyvel elektron daraja tizimlarini yaratish jarayonlari bilan ham tanishildi. Mazkur tizimlar turli sirt va tekislik parametrlarini aniq aniqlashda foydalaniladi.
Tashrif davomida mutaxassislar Metrology 4.0 dasturiy ta’minoti imkoniyatlarini ham o‘rgandi. Ushbu platforma avtomatlashtirilgan o‘lchash jarayonlarini boshqarish, shuningdek, dumaloqlik, sirt sifati, kontur va topografiya kabi ko‘rsatkichlarni yagona tizim orqali tahlil qilish imkonini beradi.
Xalqaro tajriba almashinuvi O‘zbekistonda metrologiya infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy o‘lchash texnologiyalarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.