“O‘zatom” agentligida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (IAEA)ning milliy yadro infratuzilmasini kompleks baholashga qaratilgan INIR (Integrated Nuclear Infrastructure Review) Follow-up Phase 2 missiyasi bo‘lib o‘tdi.
Missiya davomida O‘zbekiston Respublikasida milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, 2021-yilda o‘tkazilgan INIR missiyasi yakunlari asosida berilgan tavsiyalar ijrosi hamda sohada erishilgan natijalar xalqaro ekspertlar ishtirokida batafsil tahlil qilindi.
Missiyada IAEAning xalqaro ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari faol ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida milliy yadro infratuzilmasini yanada takomillashtirish, yadro va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, shuningdek, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Missiya 2026-yil 26-iyun kuni o‘z ishini yakunladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, IAEA ekspertlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining milliy yadro infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalarni o‘z ichiga olgan rasmiy hisobot tayyorlandi.
Mazkur missiya O‘zbekistonning atom energiyasidan xavfsiz, ishonchli va xalqaro standartlar asosida foydalanish bo‘yicha olib borayotgan islohotlarini xalqaro ekspertlar ishtirokida baholash hamda sohani izchil rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.