Shuningdek, deputatlar O‘zbekiston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan muhim qadam sifatida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida” va “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ham muhokama qildilar.
Mazkur qonun loyihalari xalqaro standartlar va ilg‘or tajriba asosida ishlab chiqildi. “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ushbu sohada yagona yondashuvni joriy etishga qaratilgan bo‘lib, nooziq-ovqat mahsulotlari uchun umumiy xavfsizlik talablarini belgilaydi.
“Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi esa mahsulotlar muomalaga kiritilganidan so‘ng ularning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi tizim — bozor nazorati mexanizmlarini belgilaydi.
Mazkur qonun loyihalarining qabul qilinishi natijasida:
– ichki bozorda faqat xavfsiz mahsulotlar aylanmasi ta’minlanadi;
– iste’molchilar huquqlari ishonchli himoya qilinadi;
– tadbirkorlar uchun teng va shaffof raqobat muhiti yaratiladi;
– davlat nazoratining samaradorligi oshadi;
– milliy qonunchilik xalqaro talablarga yaqinlashadi.
Loyihalar manfaatdor vazirlik va idoralar, tadbirkorlik sub’yektlari hamda jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilindi va kelishildi.
Ushbu tashabbus mamlakatda xavfsiz mahsulotlar bozorini shakllantirish, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy tizimga integratsiyasini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.