O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan energetika va elektrotexnika sohasida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari, ishlab chiqaruvchilar hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining texnik jihatdan tartibga solish sohasini isloh qilishga qaratilgan farmonlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda PF-25-son Farmoni bilan sohada tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyat va qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2026 yil 1 maydan boshlab standartlarning majburiyligi bekor qilinib, ularni ixtiyoriy qo‘llash amaliyoti joriy etiladi. Shuningdek, xalqaro standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish, muvofiqlikni baholash sohasida davlat raqobatini cheklash va xavf-xatarga asoslangan nazorat tizimini joriy etish belgilangan.
Tadbirda elektrotexnika sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2026–2028 yillarda 7 865 ta xalqaro standartni qabul qilish, shundan 750 tasini elektrotexnika sohasiga joriy etish rejalashtirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, “milliy muvofiqlik belgisi” — “Conformity Uzbekistan” tizimini joriy etish, mahsulotlarni xavf tahlili asosida baholash hamda bozor nazorati mexanizmlarini xalqaro amaliyot asosida takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida texnik tartibga solish sohasida raqamlashtirish jarayonlari, xususan, “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi — TRIS platformasi orqali sertifikatlashtirish, laboratoriya, metrologiya va davlat nazorati xizmatlarini elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan sohadagi mavjud muammolar, eksportda uchrayotgan texnik to‘siqlar, xalqaro sertifikatlashtirish, laboratoriya imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahsulotlar sifatini oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur islohotlar mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish, tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini shakllantirish hamda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.