Joriy yilning 1–30-aprel kunlari mamlakatimizda “Fuqaro muhofazasi oyligi” o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasining Navoiy filiali tomonidan qator amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, filialda Navoiy shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor S.A.Karanayev hamda Navoiy shahar Tibbiyot birlashmasi shifokori X.Fayziyeva ishtirokida texnik vositalar yordamida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali-amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida filial xodimlariga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish tartiblari, yong‘in sodir bo‘lgan holatlarda o‘t o‘chirish vositalaridan samarali foydalanish usullari, shuningdek, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari amaliy tarzda tushuntirildi.
Tadbir ishtirokchilari uchun nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashqlar ham tashkil etilib, favqulodda holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va harakatlanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, ularning hayotiy muhim ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.