Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari L.Saidoripov Rossiya Federatsiyasining yetakchi milliy metrologiya institutlari bilan videokonferens aloqa (VKA) shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda Sarf o‘lchash bo‘yicha Butunrossiya ilmiy-tadqiqot instituti, D.I.Mendeleyev nomidagi Butunrossiya metrologiya ilmiy-tadqiqot instituti (VNIIM) (Rossiya Federasiyasi), Tatariston Respublikasining Standartlashtirish, metrologiya va sinovlar bo‘yicha mintaqaviy davlat markazi shuningdek, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) rahbariyati hamda mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida 2026-yil 20–22-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” 6-xalqaro sanoat ko‘rgazmasida hamkorlikda ishtirok etilganligi alohida e’tirof etildi.
Kelgusida o‘zaro malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, metrologik kuzatiluvchanlikni ta’minlash, malaka tekshiruvi provayderlari faoliyatini rivojlantirish hamda laboratoriyalararo solishtirish loyihalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, COOMET doirasida qo‘shma solishtirish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: joriy yilda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) va VNIIM o‘rtasida neft, neft mahsulotlari hamda gazlarning miqdori va sifatini o‘lchash sohasida ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.