O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda metrologiya sohasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi qo‘shilma, harbiy qism va muassasalarning metrologiya xizmati boshliqlari ishtirok etdilar. Harbiy sohada metrologik ta’minotni yanada takomillashtirish, o‘lchash vositalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, zamonaviy yondashuv va texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar institutning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, etalonlar bazasini rivojlantirishga qaratilgan infratuzilmasi hamda zamonaviy texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar, institut faoliyati, milliy o‘lchov birliklarini xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolda rejalashtirilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Qayd etish joizki, mudofaa tizimi faoliyatida ham metrologiya alohida ahamiyat kasb etib, harbiy texnika va qurol-yarog‘lardan samarali foydalanish, ularning ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Shu bois, bunday o‘quv-uslubiy tadbirlar metrologiya xizmati samaradorligini oshirish, mutaxassislar malakasini yuksaltirish hamda mamlakatimizda o‘lchashlar yagona tizimini izchil rivojlantirishga xizmat qiladi.