“BIPM–TÜBİTAK UME Project Placements” (2026) dasturining navbatdagi bosqichi boshlandi. “BIPM–TÜBİTAK UME Project Placements” (2026) dasturining to‘qqizinchi bosqichi boshlangani munosabati bilan Yoshlar kuni doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov yosh metrologlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mazkur xalqaro dasturning ahamiyati, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, dastur yosh metrologlarga o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha TÜBİTAK UME laboratoriyalarida 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan muddatda tadqiqot olib borish orqali chuqur bilim va amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.
Shuningdek, ishtirokchilar BIPM hamda TÜBİTAK UME mutaxassislari tomonidan o‘qiladigan ma’ruzalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Laboratoriya mashg‘ulotlari ishtirokchilarning ilmiy loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish bilan birga, milliy metrologiya institutlari va tayinlangan institutlar tadqiqotchilari uchun zarur bo‘lgan texnik ko‘nikmalarni rivojlantiradi hamda ularning CIPM MRA doirasidagi ishtirokini mustahkamlaydi.
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar o‘z ilmiy qiziqishlari va maqsadlarini loyiha taklifi shaklida taqdim etishlari lozim. O‘quv dasturi har bir ishtirokchi uchun uning tadqiqot sohasi va laboratoriya imkoniyatlaridan kelib chiqib individual tarzda shakllantiriladi.
Ma’lumot uchun, mazkur dasturning avvalgi bosqichlarida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari faol ishtirok etib kelmoqda.