Toshkent davlat texnika universitetida (TDTU) O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “ElMetro” kompaniyasi hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligida zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriya ochildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori L.Saidoripov, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi maslahatchisi N.Mamadaliyeva, Universitet rektori, akademik Sadriddin Turabdjanov, professor-akademik Nodirbek Yusupbekov, “ElMetro” kompaniyasi rahbariyati va tarmoq korxonalar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Mazkur laboratoriya talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. Unda metrologiya, standartlashtirish va sifat menejmenti yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar zamonaviy o‘lchash vositalari, qiyoslash va nazorat jarayonlarini amalda o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.
Tadbir doirasida bosim, sath va haroratni o‘lchash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar namoyish etildi. TDTU birinchilardan “ElMetro” kompaniyasi tomonidan Zamonaviy laboratoriyaga ega bo‘lgan universitet hisoblanadi. Shuningdek, tadbir so‘nggida hamkorlikni kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish va talabalar amaliyotini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.