
2025 yil 27 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonunni imzoladi.
Mazkur huquqiy hujjat qabul qilinishi bilan O‘zbekiston rasmiy ravishda dunyodagi nufuzli metrologiya kelishuvi — 1875 yilda tuzilgan Xalqaro metrik Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishiga zamin yaratdi.
O‘zbekistonning mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi – Xalqaro tarozi va o’lchovlar Byurosi (BIPM) ning (https://www.bipm.org/en/) to‘laqonli a’zosi maqomini olish va bu orqali mamlakatimizdagi o‘lchashlar birligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida texnik to‘siqlarni kamaytirish va milliy sifat infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishda muhim qadam hisoblanadi.
Bu bizga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
• O‘zbekistonning xalqaro konsultativ qo‘mitalar (CIPM CCs) va BIPM laboratoriyalari faoliyatida to‘laqonli ishtirok etishi;
• milliy mutaxassislarning BIPM qoshida malaka oshirishi;
• milliy mahsulotlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish;
• investorlar ishonchini kuchaytirish;
• eksport salohiyatini kengaytirish va sifati xalqaro tasdiqlangan o‘lchov natijalaridan foydalanish;
• O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
• BIPM barcha yig‘ilishlarida ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega bo‘lish, BIPM saylovlariga nomzod ilgari surish imkoniyati.
Prezident tomonidan imzolangan ushbu Qonun mamlakatimizda aniq va ishonchli o‘lchash amaliyotini xalqaro mezonlarga mos holda rivojlantirish, metrologiya sohasidagi barqaror o‘sishni ta’minlash hamda O‘zbekistonning global hamjamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.