![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
⭐️ Poytaxtda “Chegarasiz g‘oyalar” shiori ostida o‘tkazilayotgan “InnoWeek–2025” innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi o‘z ishini boshladi.
“InnoWeek–2025” — mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va innovatsiya sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, fan, ta’lim va biznes o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etish uchun samarali platforma hisoblanadi.
Ushbu nufuzli xalqaro haftalikda ilk bor O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ham ishtirok etmoqda. Institut o‘zining ilmiy-konsultativ ishlanmalari asosida yaratilgan zamonaviy o‘lchash vositalari namunalarini taqdim etmoqda. Mazkur ishtirok institutning ilmiy salohiyatini namoyon etish, metrologiya sohasida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ko‘rgazma doirasida institutning mobil laboratoriyalari ham namoyish etilmoqda. Ular yordamida joylarda o‘lchash vositalarini sinovdan o‘tkazish, ularning aniqligini tekshirish va metrologik kuzatuvchanlikni ta’minlash imkoniyati yaratilgan. Bu esa milliy metrologiya tizimining amaliy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida, 3 kun davom etadigan mazkur “InnoWeek–2025” haftaligida 30 ga yaqin davlatdan 230 dan ortiq xorijiy vakillar ishtirok etmoqda. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmada 400 ga yaqin innovatsion loyiha va ishlanmalar taqdim etilmoqda.



