2026-yil 5–6-oktabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) Metrologiya kengashining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakili SMIIC Metrologiya kengashi doirasidagi TFG2 — “Innovatsiyalar va ilmiy loyihalar” ishchi guruhi koordinatori sifatida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda SMIIC Metrologiya kengashining ishchi guruhlar faoliyati, metrologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda a’zo davlatlarda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi. Shuningdek, qonuniy metrologiya, raqamli transformatsiya va metrologiyaning sanoat taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Yig‘ilish yakunida tegishli qarorlar qabul qilinib, Metrologiya kengashining kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyiha SMIIC Metrologiya kengashining grant dasturi doirasida yuqori baholanib, uni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ijobiy qaror qabul qilindi.
Ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etish O‘zbekiston milliy metrologiya institutining xalqaro metrologiya hamjamiyati bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda O‘zbekiston milliy metrologiya tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.