O‘zbekistonda qurilish oynasi mahsulotlarini import qilish jarayonlarini tartibga solish, ularning texnik reglament va standartlar talablariga muvofiqligini ta’minlash, shuningdek, mahsulotlar sifati va xavfsizligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu masalalarga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklidagi davra suhbatida Rossiya Federatsiyasi Federal texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya agentligi (Rosstandart) huzuridagi Rossiya Standartlashtirish instituti, 465-sonli «Qurilish» hamda 144-sonli «Qurilish materiallari va buyumlari» standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida qurilish oynasi mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablar, ularni sinovdan o‘tkazish, muvofiqligini baholash hamda import jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, qurilish materiallarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, sohada ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llash hamda standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida sohada mavjud yondashuvlarni takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish va qurilish materiallari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.