Avval xabar berganimizdek, 16–17-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “KELAJAK BIZNIKI” (“ЗА НАМИ БУДУЩЕЕ”) shiori ostida IV Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman doirasida tashkil etilgan “MDHning eng yaxshi yosh metrologi” I Xalqaro tanlovida MDHga a’zo davlatlardan 40 nafar yosh metrolog ishtirok etdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar metrologiyaning ilmiy, amaliy hamda raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajarib, o‘zlarining sohaviy bilim va ko‘nikmalarini, shuningdek, loyihalari taqdimotlarini namoyish etdilar.
Quvonarlisi, ushbu nufuzli tanlov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan O‘zMMI xodimlari yuqori natijalarga erishib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Xususan, ilmiy metrologiya yo‘nalishida Taubaldiyev Azamat faxrli I-o‘rinni, metrologiyani raqamlashtirish yo‘nalishida esa Muxammad Aminov Axmadbek faxrli II-o‘rinni egalladi. Ushbu natija yosh metrologlarimizning ilmiy salohiyati, kasbiy tayyorgarligi hamda mamlakatimizda metrologiya sohasida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy ifodasidir.
Yosh metrologlarimizni ushbu yutuq bilan samimiy tabriklaymiz va kelgusidagi ilmiy-amaliy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!