O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassislari 2026-yilning may–iyun oylarida Xitoyning SpinQ Technology (Shenzhen) va Q.One Instruments Ltd. (Uhan), shuningdek Germaniyaning Magritek kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida yadroviy magnit rezonans (NMR) spektrometrlarining texnik imkoniyatlari, qo‘llanilish sohalari hamda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
NMR texnologiyasi bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida bojxona laboratoriyalari, sud-ekspertiza muassasalari va metrologiya markazlarida qo‘llanilmoqda. Mazkur texnologiya narkotik moddalar, qalbaki dori vositalari, soxtalashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa xavfli kimyoviy moddalarni yuqori aniqlikda identifikatsiya qilish imkonini beradi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonda ilg‘or o‘lchash texnologiyalarini joriy etish, analitik laboratoriyalar salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mamlakatda o‘lchovlarning yagona tizimini ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro standartlar talablariga muvofiqlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyat yuritadi.