O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) xalqaro metrologiya hamjamiyati uchun muhim ilmiy-amaliy tadbir — BIPM–COOMET UTC Summer School yozgi maktabiga mezbonlik qilishini mamnuniyat bilan ma’lum qiladi. Mazkur yozgi maktab O‘zMMI, Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM), COOMET TQ 4 “Axborot va ta’lim” hamkorligida tashkil etilmoqda. Yozgi maktabning aynan Toshkent shahrida, O‘zMMI bazasida tashkil etilishi O‘zbekistonning vaqt va chastota metrologiyasi sohasidagi xalqaro nufuzini yana bir bor namoyon etadi hamda mamlakatimizning UTC(k) yo‘nalishidagi ilmiy va texnik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbir COOMET va boshqa RMOlardagi UTC (Coordinated Universal Time) shakllantirish jarayonida ishtirok etayotgan institutlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Yozgi maktab davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi:
▶️UTC va UTC(k) tizimlari;
▶️GNSS orqali vaqt uzatish texnologiyalari;
▶️Atom soatlari va ularning ishlash prinsiplari;
▶️Vaqt va chastota ma’lumotlarini tahlil qilish;
▶️UTC(k) faoliyatida qo‘llaniladigan vaqt shkalalarini shakllantirish;
▶️Zamonaviy tahlil vositalari bilan amaliy treninglar.
Ishtirokchilar vaqt va chastota metrologiyasi sohasida amaliy tajriba orttirish, xalqaro ekspertlar bilan fikr almashish hamda global vaqt tizimlari bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.Yozgi maktab trenerlari sifatida BIPM hamda mintaqaviy metrologiya tashkilotlarining vaqt va chastota bo‘yicha yetakchi ekspertlari jalb etiladi.
Tadbir sanasi va joyi: 2026-yil 28–30-sentabr, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI), Toshkent shahri, O‘zbekiston
Batafsil ma’lumot: www.bipm.org
Ro‘yxatdan o‘tish muddati: 2026-yil 30-iyun, soat 17:00 (UTC+5)
Mazkur yozgi maktab IEEE UFFC Society hamda O‘zMMI tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Barcha metrologiya institutlari va vaqt-chastota sohasi mutaxassislarini ushbu nufuzli xalqaro yozgi maktabda ishtirok etishga taklif qilamiz.
