Aniq vaqt

“OLMАLIQ KMK” АJda METROLOGIYA SOHАSIDАGI ISLOHOTLАR VА RАQАMLАSHTIRISH JАRАYONLАRI

Oʼlchashlar, ularning yagona birlikda boʼlishini taʼminlash usullari va vositalari, shuningdek talab etiladigan aniqlikka erishish yoʼllarini oʼrganuvchi metrologiya faoliyati “Olmaliq KMK” АJ ishlab chiqarish tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Salkam 40 ming kishilik mehnat jamoasiga ega boʼlgan yirik sanoat korxonasida mazkur soha strategik ahamiyatga ega ekani shubhasiz.

Korxona tarkibida faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy metrologiya laboratoriyasi (O‘ZAK.QL.0093) kombinatning barcha tarkibiy boʼlinmalarida foydalanilayotgan 32 mingdan ziyod oʼlchash vositalariga metrologik xizmat koʼrsatadi. Ushbu xizmatlar doirasida davlat va idoraviy qiyoslash ishlari amalga oshiriladi. Yangi 3-sonli Mis boyitish fabrikasi ishga tushirilishi natijasida oʼlchash vositalari soni yana 11 mingtaga oshgani ham alohida eʼtiborga loyiq.

Hozirgi kunda laboratoriya tomonidan 4,9 mingdan ortiq oʼlchash vositalari davlat qiyosidan, 27 mingdan ziyod oʼlchash vositalari esa idoraviy qiyoslashdan oʼtkazilgan.

Sohadagi islohotlar va rivojlanish yoʼnalishlari

Metrologiya sohasida soʼnggi yillarda keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu oʼzgarishlar nafaqat ish jarayonlarini takomillashtirish, balki zamonaviy raqamli yondashuvlarni joriy etish bilan ham bogʼliq.

1994-yilga qadar metrologiya faoliyati Markaziy avtomatika va geofizika laboratoriyasi tarkibidagi boʼlim sifatida amalga oshirilgan. Oʼzbekiston Respublikasining 1993-yil 28-dekabrdagi 1004-XII sonli “Metrologiya toʼgʼrisida”gi Qonuniga asosan, 1994-yildan boshlab Markaziy metrologiya laboratoriyasi mustaqil tarkibiy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Kadrlar salohiyatini oshirish

Metrolog xodimlarning kasbiy malakasini oshirish doimiy e‛tibor markazida. Yillik reja-jadvallarga muvofiq mutaxassislar ixtisoslashgan oʼquv markazlarida, shuningdek Oʼzbekiston standartlar institutining Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida oʼz bilim va koʼnikmalarini muntazam ravishda takomillashtirib bormoqda.

Raqamlashtirish yoʼnalishidagi ishlar

Sohadagi ustuvor yoʼnalishlardan biri – raqamlashtirish jarayonidir. Joriy yil birinchi yarmi yakunlariga koʼra, korxona dasturchilari va metrolog mutaxassislar hamkorligida “Ishlab chiqarishning metrologik taʼminotida tashkiliy-iqtisodiy vazifalarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish” tizimi hamda “E-Metrologiya” tahliliy axborot tizimi ishga tushirildi.

Mazkur tizim 32 mingdan ortiq oʼlchash vositalari boʼyicha qiyoslash natijalarini yagona raqamli platformada yuritish va boshqarish imkonini beradi. Hozirgi bosqichda tizim funksional imkoniyatlarini yanada kengaytirish ishlari davom etmoqda.

“E-Metrologiya” tizimiga qoʼyilayotgan muhim talablardan biri – aniqlangan muammolar (masalan, tekshiruvdan oʼtmagan oʼlchash vositalari) belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, avtomatik eskalatsiya mexanizmi orqali yuqori rahbariyatga xabar berish tizimini joriy etishdan iborat.

Xorijiy tajriba shuni koʼrsatadiki, metrologik jarayonlarni avtomatlashtirish mehnat unumdorligini oshiradi, xatolarni kamaytiradi va qaror qabul qilish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtiradi. Shu nuqtai nazardan, yagona va unifikatsiyalangan dasturiy taʼminotni yaratish taklifi ham ilgari surilmoqda.

Laboratoriya faoliyati va hamkorlik

Markaziy metrologiya laboratoriyasi nisbatan ixcham jamoadan iborat boʼlishiga qaramasdan, uning zimmasidagi vazifalar koʼlami keng. Jamoa tarkibida 8 nafar muhandis-metrolog va 8 nafar texnik-metrolog faoliyat yuritadi.

Laboratoriya Nazorat-oʼlchov vositalari va avtomatika xizmati (NOʼPvaА), Texnologik jarayonlarni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (TJBАT) hamda Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.

Shuningdek, elektr oʼlchov vositalarini qiyoslash ishlari Markaziy elektrotexnika laboratoriyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Mutaxassislar tomonidan geometrik, ogʼirlik, bosim, sarf, sigʼim, fizik-kimyoviy, harorat va boshqa turdagi oʼlchashlar boʼyicha kalibrlash va tekshiruv ishlari bajariladi.

Strategik islohotlar va huquqiy asos

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni hamda “Olmaliq KMK” АJning 2026-yil 23-fevraldagi 253-sonli buyrugʼiga muvofiq metrologiya sohasida keng qamrovli islohotlar boshlandi.

Ularning asosiy yoʼnalishi – anʼanaviy davlat qiyoslash tizimidan kalibrlash va verifikatsiya tizimiga bosqichma-bosqich oʼtishdan iborat.

2026-yil davomida barcha oʼlchash vositalari qayta xatlovdan oʼtkazilib, quyidagi 3 toifaga ajratiladi:

  •  qonunchilik metrologiyasida qoʼllaniladigan vositalar;
  •  mahsulot sifatini taʼminlovchi vositalar;
  •  texnologik va yordamchi vositalar.

2027-yil 1-yanvarga qadar yangi tizimga toʼliq oʼtish rejalashtirilgan.

Istiqbol va xalqaro integratsiya

Kelgusida laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, akkreditatsiya doirasini kengaytirish va xalqaro ISO/IEC 17025 standarti talablariga toʼliq moslashish ustuvor vazifalardan biri boʼlib qolmoqda.

Bu esa “Olmaliq KMK” АJ mahsulotlarining xalqaro bozorda raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar korxonada zamonaviy, samarali va xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Istiqbolli rejalarimiz – ishlab chiqarishni zamonaviy oʼlchash vositalari bilan taʼminlash, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini texnik jihatdan yanada rivojlantirish, akkreditatsiya doirasini kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda meʼyoriy-uslubiy hujjatlar bazasini takomillashtirishdan iborat.

Shuningdek, eksportga yoʼnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar sinov laboratoriyalarini ISO/IEC 17025 xalqaro standarti asosida akkreditatsiyadan oʼtkazish orqali mahsulotlarning xalqaro talablarga javob berishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan barcha hamkasblarimizni kasb bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz!

Sarvar ERGАSHOV, “OKMK” АJ Bosh metrologi

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil